Dolzarb maqsadli xalqaro seminar

2019 yil 20-noyabr kuni Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida (TIQXMMI) UzTESPING (O‘zbekistonda Maxsus Maqsadlar uchun Ingliz tili o‘qituvchilarining integrallashgan tarmoqlar guruhi) loyihasi doirasida xalqaro seminar tashkil etildi. Xalqaro anjumanni institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Prof. Bahodir Mirzayev ochiq deb e’lon qildi. So‘ngra u TIQXMMIdagi fakultetlar, Maxsus maqsadlar uchun ingliz tili mutaxassisliklari, erishilgan ulkan yutuqlar va xalqaro loyihalar haqida ingliz tilidagi batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Prorektor UzTESPING loyihasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Respublika Ilmiy-Amaliy Innovatsion Markazi (RIAIM) va Britaniya kengashi tomonidan tashkil etilganligini ta’kidlab, seminarga tashrif buyurgan mehmonlar va loyiha ishtirokchilari bilan tanishtirib o‘tdi.

Xalqaro seminarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Respublika Ilmiy-Amaliy Innovatsion Markazi (RIAIM) Bo‘lim boshlig‘i Prof.Abbos Iriskulov, RIAIM loyiha menejeri va treneri Svetlana Xan, Britaniya Kengashidagi ta’lim va ingliz loyihalari koordinatori Saida Irgasheva, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universitet katta o‘qituvchisi Mandana Arfa va 30 ga yaqin Maxsus Maqsadlar uchun Ingliz tili institutlari qatnashdilar. Ushbu loyiha Maxsus Maqsadlar uchun Ingliz o‘qituvchilariga kasbiy rivojlanishlarida yordam berish, O‘zbekiston va chet el mamlakatlarida aloqa o‘rnatish uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan. UzTESPING loyihasi bizning milliy islohotlarimiz talablariga javob berib, uchta yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: Materiallarni tayyorlash, Maxsus Maqsadlar uchun Ingliz bo‘yicha tadqiqotlar olib borish va shu maqsaddagi o‘qituvchilar ehtiyojlariga javob berish.

Loyiha Maxsus Maqsadlarli Ingliz tili o‘qituvchilarining ehtiyojlari uchun treninglar, uchrashuvlar va vebinarlarni tashkil etishdan iborat bo‘lib, u nafaqat butun O‘zbekiston bo‘ylab, balki chet el mamlakatlarida ham aloqa o‘rnatish uchun imkoniyat yaratadi. Kun tartibiga binoan Maxsus Maqsadlar uchun Ingliz tilini samarali o‘qitish, 21-asr mahoratlari, Britaniya Kengashining oliy o‘quv yurtlarida olib borayotgan loyihalari, Flipped Learning, Blended Learning, Maxsus Maqsadlarda Ingliz tilini o‘qitishdagi muammo va yechimlar, AKT sohasidagi ilg‘or tajribalar va shu maqsaddagi o‘qituvchilar uchun imkoniyatlar mavzularida taqdimotlar tinglandi.

Savol-javoblar jarayonida hozirgi kun mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashning ahamiyati, Maxsus Maqsadlarda Ingliz tilini o‘qitish tizimini modernizatsiyalash va ta’limga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Seminarning yakuniy bosqichida muvaffaqiyatli taqdimotchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi. TIQXMMIdagi halqaro seminarda Maxsus Maqsadlarda Ingliz tilini o‘qitishdagi mavjud muammolarga bir qator yechimlar taklif etilganligini anjumanning samarali va muvaffaqiyatli o‘tkazilganligidan dalolat beradi. Seminar jarayonidagi orttirilgan tajriba va fikrlar almashinuvi xalqaro loyihaning keyingi bosqichlarini aniqlab olishga yaqindan yordam berdi.

Institut matbuot xizmati rahbari P. Jumaniyozov