Xorijiy maslahatchi maʼruza qildi

Barcha sohalarda boʼlgani kabi bank tizimi ham mamlakatning moliyaviy va iqtisodiy asosini belgilovchi mezondir. Bugungi kunda uning rivojini xalqaro hamkorliklarsiz, xorijiy tajribalarsiz tasavvur etish qiyin. Shunday ekan, uning ilmiy va nazariy asoslari hamda amaliy boshqaruvi katta mohiyat kasb etishi tayin. Oʼzaro tajriba almashishlar har tomonlama manfaatli boʼlishi ham aniq. Bugun АTB Turonbank boshqaruvi raisining xorijiy maslahatchisi Svetlichny Аndrey Mixaylovich institutimiz professor oʼqituvchilari, tayanch doktorantlari va magistrlari uchun “Bank tizimini rivojlantirishda zamonaviy bilim va texnologiyalar” mavzusida seminar oʼtkazdi. Zamonaviy bilim va texnologiya taraqqiyotning kafolatini belgilovchi omillardandir. Xorijiy maslahatchining maʼruzasi barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uygʼotibgina qolmay, balki ularning sohaviy bilimlarining oshishi hamda mustahkamlanishiga ham ijobiy taʼsir oʼtkazganini berilgan savol - javoblar orqali ham sezmaslik mumkin emas. Seminardan shu narsa ayon boʼldiki, bunday yoʼsindagi va mavzudagi tadbirlarni muntazam oʼtkazib turilishi foydadan xoli emas. Ishtirokchilarning mamnunligi, qoniqishi ularning ochiq chehrasi va yuz-koʼzidan ham maʼlum edi. Zamonaviy bilim va texnologiya har doim yangilanib, oʼzgarib borishini inkor etish qiyin. Demak, davr bilan hamqadam va hamnafas boʼlish zamon taqozosi va talabidir.

TIQXMMI Matbuot xizmati